Янгилик сюжетлари

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri o’rinbosari O‘zbekistonga aloqalarni mustahkamlash maqsadida tashrif buyurdi

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirin o‘rinbosari Leo Dokerti 2023-yilning 6-7-iyun kunlari O‘zbekistonda bo‘ldi. Tashrifdan maqsad Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo, xavfsizlik, mudofaa va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdan iborat edi.

Tashrif doirasida vazir o’rinbosari bir qator O’zbekiston hukumati vakillari bilan uchrashdi. O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari G’ayrat Fozilov bilan uchrashuvi davomida ikki tomonlama munosabatlar va islohotlar jarayoni, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi asosiy masalalar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat, muhokama qilindi.

Bundan tashqari, vazir Dokerti Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o’rinbosari Badriddin Obidov bilan uchrashib, ikki tomonlama savdo va investitsiya aloqalar, jumladan, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashi hamda “Iqtisodiy rivojlanish uchun samarali boshqaruv” dasturi doirasidagi hamkorlikni muhokama qildi.

Vazir O‘zbekiston tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Amaliy san’at muzeyiga ham tashrif buyurdi va Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi direktori Denis Uoddingem bilan uchrashdi.

“O‘zbekiston Buyuk Britaniyaning juda muhim hamkoridir. Biz savdo aloqalarimizni va ta’lim, boshqaruv, xavfsizlik va iqlim o‘zgarishi sohasidagi hamkorligimizni kengaytirmoqdamiz.

“O‘tgan yili Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlandi. O‘ylaymanki, ikki tomonlama munosabatlarimiz bundan keyin ham ijobiy yo‘nalishda rivojlanadi”, — dedi vazir tashrif yakunida.

Qo’shimcha ma’lumot

Biografiya

Leo Dokerti 2022-yil 27-oktabrda Buyuk Britaniyaning Tashqi ishlar, Hamdoʻstlik ishlari va taraqqiyot vazirligining (TIV) vazir oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.

U ilgari 2022-yil 7-sentabrdan 2022-yil 27-oktabrgacha TIVda Yevropa boʻyicha davlat vaziri boʻlgan. Undan avval Vazirlar Mahkamasining va Mudofaa vazirligining parlament kotibi (mudofaa va veteranlar vaziri) hamda bo’lgan. 2017-yildan beri Aldershot shahri nomidan parlament aʼzosi bo’lib xizmat qilib kelmoqda.

Vazir o’rinbosari Dokerti 1976-yilda Shotlandiyada tug’ilgan bo’lib, Glostershirda ulg’aydi. Sharqshunoslik va Afrikashunoslik universitetini (SOAS) tugatgandan so’ng u Sandxerst Qirollik harbiy akademiyasida o’qigan va 2001-yilda Shotlandiya gvardiyasi safiga tayinlangan. U Iroq va Afg’onistonda Shotlandiya gvardiyasining 1-batalyonida va 16-havo hujumi brigadasida xizmat qilgan va o’z tajribasini “O’lim cho’li; Askarning Iroqdan Afg’onistonga sayohati” (Faber 2007) kitobida so’zlab bergan.

U Yaqin Sharq, Markaziy va Janubiy Osiyo bo’ylab juda ko’p sayohat qilgan va 2007-yilda Istanbuldan Afg’onistonga otda, piyoda, velosipedda va jamoat transportida sayohat qilib, bu 6 oylik sayohati afg’onlarning an’anaviy Buzkashi o’yinida ishtirok etish bilan yakunlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring:

Нашр қилинган 20 June 2023