Янгилик сюжетлари

Toshkent shahrida O‘zbekiston-Buyuk Britaniya Savdo va sanoat kengashining (UBTIC) 26-sessiyasi bo‘lib o‘tdi

UBTIC Buyuk Britaniya va O‘zbekistonning hukumat vakillari va biznes rahbarlarini aloqa o‘rnatishlari va ikki tomonlama savdoni muhokama qilishlari uchun birlashtirdi.

UBTIC 1994-yilda Buyuk Britaniya va O‘zbekiston hukumatlari tomonidan tashkil etilgan ikki tomonlama savdo va investitsiyalarni oshirish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun har yili o‘tkaziladigan forumdir. Bu yili ushbu tadbir Toshkent shahrida jonli formatda bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Obidov hamda Buyuk Britaniyaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo komissari Kenan Poleo ochib berdilar. O‘zaro savdoning bugungi holati, shuningdek, O‘zbekiston bozori Britaniya biznesi uchun taqdim etayotgan imkoniyatlar, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari haqida so‘z yuritildi.

Buyuk Britaniya Xalqaro savdo vazirligi Bosh direktori Endryu Mitchell Buyuk Britaniya savdoni rivojlantirish uchun yangi mablag‘ ajratilishini, jumladan, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini yanada qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi. Delegatsiyalar rahbarlarining chiqishlaridan so‘ng tomonlar ikki tomonlama Harakatlar rejasini imzoladilar.

Bundan tashqari tadbir dasturi moliyaviy va professional xizmatlar, infratuzilma va qurilish, ta’lim va Buyuk Britaniyaning Umumiy imtiyozlar tizimining Kengaytirilgan sxemasi (GSP) bo’yicha to’rtta yo’nalishdagi sessiyalarni o’z ichiga oldi. Ushbu sessiyalarda O‘zbekistonning xususiylashtirish bo’yicha keng ko‘lamli dasturi, ayrim yirik korxonalarning IPO rejalari, yirik davlat-xususiy sheriklik va infratuzilma loyihalari, ta’lim sohasida hamkorlik imkoniyatlari hamda kengroq ma’noda O‘zbekistonning biznes muhiti muhokama qilindi. Ushbu sessiyalarda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari Mansur Radjapov, To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi bosh direktori Atabek Nazirov, Oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Komiljon Karimov so‘zga chiqdilar.

Ushbu uchrashuvlarda Britaniya tomonidan “Arup”, “Standard Chartered”, “Allen & Overy”, “Hudson Sandler”, De Montfort universiteti va Kembrij universiteti kabi yetakchi korxonalar vakillari ishtirok etdi.

Buyuk Britaniya Xalqaro savdo vazirligining savdo siyosati bo‘yicha maslahatchilari Fabian Xartvell va Karen Jonson “Umumlashtirilgan imtiyozlar tizimi” bo‘yicha seminarni olib borishdi. 2021-yilda O‘zbekiston Buyuk Britaniyaning Umumiy imtiyozlar tizimining Kengaytirilgan sxemasiga (GSP) qo‘shilgan birinchi davlat bo‘ldi. Ushbu kelishuvga asosan, Buyuk Britaniyaga eksport qilinayotgan O’zbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlarning 91%ga import boji belgilanmaydi. 2023 yilda Buyuk Britaniyaning “Rivojlanayotgan mamlakatlar savdo sxemasi” joriy GSP tizimining o‘rnini bosadi. Yig‘ilishda Buyuk Britaniyaning imtiyozli savdo tizimi va uning shartlari, tariflari, tovarlar tasnifi va kelib chiqish qoidalariga qo‘yiladigan o‘zgarishlar ko‘rib chiqildi.

2021-yilda Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi ikki baravar ko‘paydi va hozirda deyarli yarim milliard dollarga yetdi. Kelgusi bir necha yil ichida ushbu ko‘rsatkichni yanada oshirish salohiyati mavjud. UBTICning 26-yig’ilishida Buyuk Britaniyaning 73 turli kompaniyalaridan 126 nafar ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

“Mamlakatlarimiz birgalikda amalga oshirgan ishlardan juda faxrlanaman, lekin erishgan yutuqlarimiz bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. UBTIC bizga savdo aloqalarimizni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish uchun ajoyib platformani taqdim etadi. Biz bunga O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha hamkorlikda ish olib borish, iqtisodiy va siyosiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashimizni kengaytirish va Umumiy imtiyozlar tizimi imkoniyatlarini maksimal darajada oshirish orqali erisha olamiz”, - dedi Kenan Poleo.

Qo’shimcha ma’lumot

Ijtimoiy tarmoqlarda bizga obuna bo‘ling:

Нашр қилинган 5 December 2022